Yoshlar kuni “O‘zmetkombinat”da bilim va zakovat tantanasiga aylandi
30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan “O‘zmetkombinat” AJda bilim, zakovat va jamoaviy hamjihatlikni ulug‘lovchi intellektual bellashuv tashkil etildi. Unda korxonaning turli tarkibiy bo‘linmalaridan shakllangan bilimdon va faol jamoalar o‘zaro kuch sinashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar, mantiqiy savollar hamda tezkor fikrlashni talab etgan topshiriqlar ishtirokchilarning bilim saviyasi, tahliliy yondashuvi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini yana bir bor namoyon qildi.
Tadbirda “O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruv raisi — Bosh direktor Bahodir Abdullayev ishtirok etib, yoshlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z tabrigida korxona taraqqiyotida yoshlarning o‘rni va salohiyati alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, ularga doimo izlanish, bilim va tajribani boyitish, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish hamda yurt va korxona ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, mehnatsevarligi, tashabbuskorligi, mas’uliyati va kasbiy mahorati bilan namuna bo‘layotgan bir guruh faol yoshlar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Intellektual bellashuv yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin Navli prokatlash bo‘linmasi, 2-o‘rin Quyuv-prokatlash majmuasi, 3-o‘rin esa Mahsulot sifati va standartlariga rioya etish xizmati jamoasiga nasib etdi. G‘olib jamoalarga pul mukofoti sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.
“O‘zmetkombinat” AJda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, intellektual muhitni mustahkamlash hamda sog‘lom raqobat madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bunday tashabbuslar kelajak yetakchilari va malakali mutaxassislarni voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.