YUQORI MALAKALI KADRLAR — ULKAN KUCH
Korxonamizda ishchi-xodimlarning 1100 dan ortig‘ini yosh kadrlarni tashkil etadi. Ular turli sohalarda mehnat qilib kombinatning rivojlanishida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Aziz Berdiyev ham Rangli metallar ishlab chiqarish bo‘linmasida mehnat qilayotganiga 13 yildan oshdi. U dastlab, mahsulot o‘rovchi, keyinchalik esa pechda metallarni erituvchi vazifasida ishlab kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida ustozi Mahmud Karimovdan o‘rgangan kasb sirlarini ishda qo‘llagan holda malakali yosh kadrlardan biriga aylandi. U bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish bilan bir qatorda, kombinatda o‘tkazib kelinayotgan spartakiadalarda ham qatnashib, yaxshi natijalarni ko‘rsatib kelmoqda.
Albatta yosh kadrlar - bu umidlar, kashfiyotlar, cheksiz g‘ayrat-shijoat, ulkan rejalar tuzish va ularni amalga oshirish davri. “O‘zmetkombinat” AJda esa ana shunday yosh mutaxassislar ko‘plab topiladi va umid qilamiz ular kombinatimizni yanada taraqqiy etishida o‘zlarining xizmatlarini qo‘shishni davom ettirishadi.