SHAXMAT MUSOBAQASI O‘TKAZILDI
Bugun Metallurglar madaniyat saroyida kombinatda mehnat qilayotgan xotin-qizlar o‘rtasida bahor bayrami - Navro‘zga bag‘ishlangan shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu intellektual bellashuv "O‘zmetkombinat" AJ Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirildi.
Musobaqada kombinatning eng kuchli olti nafar shaxmatchisi ishtirok etdi. Dastlabki bosqichda musobaqa shiddatli va qiziqarli tarzda o‘tishi kutilgan edi. Sababi, har bir bosqich sabr-toqat, hisob-kitob va taktik moslashuvchanlik uchun haqiqiy sinov bo‘ldi.
Qizg‘in kechgan bahslar yakuniga ko‘ra kombinat Ijroiya apparati xodimi Mavluda Kenjayeva musobaqa g‘olibiga aylandi. Uning ishonchli o‘yini, strategik fikrlashi va aniq kombinatsiyalari unga munosib birinchi o‘rinni keltirdi.
Ikkinchi o‘rinni kombinatning Tarmoqlar va podstansiyalar bo‘linmasi ishchisi Patigul Qurbonova egalladi. Uchinchi o‘rin kombinatning Mahsulot sifati va standartlariga rioya etilishi nazorati xizmati vakilasi Sevara Yo‘ldoshevaga nasib etdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari hamda diplomlar bilan taqdirlandi.