"O‘ZMETKOMBINAT”DA METALLURGLAR UCHUN TANTANALI TAQDIRLASH MAROSIMI TASHKIL ETILDI
“O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni” munosabati bilan “O‘zmetkombinat” AJda tashkil etilgan tantanali bayram tadbiri ko‘tarinki ruh va yuqori saviyada boshlandi. Tadbir avvalida “O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruvi raisi — bosh direktori Bahodir Abdullayev so‘zga chiqib, barcha metallurglarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. O‘z tabrigida metallurglarning mashaqqatli va sharafli mehnati, mamlakat sanoati hamda korxona taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida metallurgiya sohasida uzoq yillar samarali faoliyat yuritib, ishlab chiqarish jarayonlarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh fidoyi ishchi-xodimlar munosib taqdirlandilar. Jumladan, “Faxriy metallurg” medali bilan taqdirlangan 13 nafar soha vakiliga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Ularning ko‘p yillik samarali mehnati, korxona ravnaqi va mamlakat iqtisodiyoti rivojiga qo‘shgan munosib hissasi alohida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, kombinat yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan “Boshqaruv raisi kubogi” mini-futbol musobaqasi g‘oliblari ham tantanali ravishda taqdirlandilar. G‘olib jamoalarga diplom, kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirning rasmiy qismi samimiy muhit, ko‘tarinki kayfiyat va tantanavor ruhda davom etdi.