“O‘zmetkombinat” AJ aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo'lib o'tdi
Bugun "O‘zbekiston metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi amaldagi qonunchilik hamda ustav talablariga muvofiq ravishda o‘tkazildi.
Yig‘ilishga Kuzatuv kengashi a’zosi Bobir Karimov masofaviy shaklda, Zoom platformasi orqali raislik qildi. Unda kombinat Boshqaruvi raisi – Bosh direktor Bahodir Abdullayev, kombinat rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, yetakchi mutaxassislar hamda aksiyadorlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda qator masalalar ko‘rildi. Xususan, aksiyadorlar yig‘ilishi reglamentini va sanoq komissiyasi tarkibini tasdiqlash, korxonaning yangi tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, yirik bitim shartlariga o‘zgartirish kiritish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, boshqa tashkiliy-huquqiy masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli ma’ruzalar tinglandi hamda aksiyadorlar tomonidan bildirilgan taklif va savollar atroflicha muhokama qilindi. Kombinat rahbariyati tomonidan barcha savollarga asoslantirilgan va batafsil javoblar berildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli qarorlar qabul qilindi. Navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish korxonaning barqaror faoliyatini ta’minlash hamda boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim tashkiliy-huquqiy qarorlar qabul qilinishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.