Bekobodda Navro‘z shukuhi: "O‘zmetkombinat" jamoasi bayramda faol ishtirok etdi
Kuni kecha Bekobod shahrida Navro‘z umumxalq bayrami yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Mazkur bayram tadbirlarida “O‘zmetkombinat” AJ ishchi-xodimlari ham faol qatnashib, qutlug‘ ayyomning tantanaviy muhitiga o‘z hissalarini munosib tarzda qo‘shdilar.
Jamoaning tadbirdagi ishtiroki nafaqat ishbilarmonlik va kasbiy mahoratni namoyon etish, balki korxona xodimlarining ijtimoiy, madaniy va ma’naviy hayotdagi faolligini ham yana bir bor tasdiqladi. Tadbir davomida tashkil etilgan ko‘rgazmalar, badiiy chiqishlar va madaniy-ma’rifiy dasturlar bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Shu bilan birga, kombinat jamoasining ahilligi va hamjihatligi korxona xodimlarining nafaqat ishlab chiqarish sohasidagi, balki jamoatchilik hayotidagi faol pozitsiyasini yanada yaqqol ko‘rsatdi. Mazkur ishtirok korxona va jamoa imijini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish hamda ijtimoiy mas’uliyatni namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etadi.