KOMBINAT HUDUDIDA XAVFSIZLIK VA TARTIB-INTIZOMNI TA’MINLASH BO‘YICHA PROFILAKTIK TADBIR O‘TKAZILDI
Sanoat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish, shuningdek Korporativ xavfsizlik va resurslarni himoya qilish yo‘nalishlari mas’ul xodimlari tomonidan profilaktik suhbat tashkil etildi. Suhbat kombinatga temir-tersak mahsulotlarini olib kelayotgan haydovchilar ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbir davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yuk tashish qoidalariga qat’iy rioya qilish, xususan yukni tushirgandan so‘ng yukxona eshiklarini yopib harakatlanish, belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilish, shuningdek temir yo‘l orqali harakatlanish va to‘xtab turish tartiblari batafsil tushuntirib o‘tildi.
Shu bilan birga, qora metall parchalarini qabul qilish va yetkazib berish jarayonlarida shartnoma talablariga qat’iy rioya etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, yuklash jarayonida haydovchilarning shaxsan ishtirok etishi, qora metall tarkibiga noqonuniy yoki yot metal jismlar aralashtirilmasligi, barcha amallar belgilangan tartibda bajarilishi zarurligi ta’kidlandi.
Ayrim holatlarda shartnoma shartlariga mos kelmaydigan holatlar aniqlanayotgani qayd etilib, bunday qoidabuzarliklar takrorlansa, tegishli avtotransport vositalarining kombinat hududiga kirishiga cheklov qo‘yilishi hamda shartnoma asosida jarima choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.