KASBIY BILIM VA KO‘NIKMALARI OSHIRILDI
Joriy yilning 8 - 19-yanvar kunlari kombinatimizda yuk iluvchi kasbi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Xodimlar malakasini baholash, o‘qitish va rivojlantirish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mashg‘ulotlarda kombinatning tarkibiy bo‘linmalarida mehnat qilayotgan 23 nafar ishchi ishtirok etdi.
Sanoat xavfsizligi bo‘limi va mehnat muhofazasi departamentining yuk ko‘tarish mexanizmlarini nazorat qilish bo‘yicha yetakchi muhandisi Dilshod Shodmatov maxsus texnologiyalar bo‘yicha tinglovchilarga nazariy mashg‘ulotlardan dars berdi. Mehnat muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Gulmira Toshmatova esa tinglovchilarning yong‘in xavfsizligi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha bilimlarini oshirdi.
Yuk iluvchilar nazariy mashg‘ulotlar bilan birgalikda amaliy mashg‘ulotlarda ham ishtirok etdilar. Amaliy mashg‘ulotlar Xalq iste'mol mollari ishlab chiqarish hamda Elektr uskunalarini ta'mirlash bo‘linmasida olib borildi.
Xalq iste'mol mollari ishlab chiqarish bo‘linmasi yuk ko‘tarish mexanizmlarini ta'mirlash ustasi Nodirjon Jumaboyev va Elektr uskunalarini ta'mirlash bo‘linmasi elektr uskunalarini ta'mirlash ustasi Ulug‘bek Norqo‘ziyevlar amaliy mashg‘ulotlarni olib borishdi. Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilar olgan bilim va ko‘nikmalari asosida test sinovidan o‘tib, imtixon toshirishadi. Bu mashg‘ulotlar yuk iluvchilarning ish jarayonlarida bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, o‘z kasblarining ustalari bo‘lishlariga ham xizmat qiladi.