"YASHIL MAKON" UMUMMILLIY LOYIHASI DOIRASIDA
Biz kelajak avlodlarga nafaqat yaratgan ma'naviy va moddiy boyliklarimizni, balki bizgacha mavjud bo‘lgan tabiatni va unga munosabatimizni ya'ni ekologik madaniyatimizni ham meros qoldirishimiz lozim. Ekologik madaniyat bu — faqat tabiatga zarar keltirmaslik emas, balki uning tiklanishi, yanada go‘zallashuvi, gullab-yashnashiga hissa qo‘shish, atrof-muhit musaffoligini saqlash degani hamdir.
Bugun mamlakatimizda keng tus olgan "Yashil makon" umummilliy loyihasining ma'no-mazmuni, maqsadi ham yurtimizda yashillikni kengaytirish barobarida tabiatni asrash, ekologiya musaffoligini saqlashga qaratilgandir. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu xayrli tadbirlarda barcha yurtdoshlarimiz faol ishtirok etishmoqda.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida "O‘zmetkombinat" AJda ham obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Obodonlashtirish ishlarida metallurglar o‘zlariga biriktirilgan hududlarni tozalash, tartibga keltirish, chiqindilarni belgilangan joylarga olib borish, ariqlarni tozalash, daraxtlarga shakl berish, shox-shabba va xazonlardan tozalash kabi ishlarni bajarishmoqda.
Xalqimizda "Obodlik ko‘ngildan boshlanadi" degan hikmatli ibora bor. Bugun ushbu ezgu g‘oya bilan hududlarni tozalayotgan ishchi-xodimlar atrof-muhitning tozaligini saqlashda o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. Aslini olganda, saranjom-sarishtalik har birimizning kundalik vazifamizdir. Uni keng ko‘lamda bajarish ezgu amallar bardavomligini ta'minlash demakdir.