“O‘zmetkombinat” uchun strategik ahamiyatga ega yana bir muhim qadam!
“O‘zmetkombinat” delegatsiyasi Tojikistondagi yirik “Shohqadambuloq” temir koni hududida bunyod etilayotgan metallurgiya zavodi bilan tanishib, hamkorlik bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi. Mazkur kelishuv korxonani uzoq yillar davomida barqaror va sifatli xomashyo bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Xizmat safari davomida “O‘zmetkombinat” AJ rahbariyati va mutaxassislari “Tojik metallurgiya kombinati” (ZAO “TMK”) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, “Shohqadambuloq” temir koni, qurilayotgan tog‘-kon boyitish fabrikasi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tiklangan temir (PVJ) ishlab chiqarish majmuasi loyihasi bilan yaqindan tanishdi.
Tomonlar Memorandum doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, “O‘zmetkombinat” ehtiyojlariga mos PVJ mahsulotini ishlab chiqarish, logistika tizimini yo‘lga qo‘yish hamda uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Tojikiston tomoni tog‘-kon boyitish fabrikasi 2027-yilda, PVJ ishlab chiqarish majmuasi esa 2028-yilda ishga tushirilishini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiya loyihasi yuzasidan muntazam hamkorlik qilish, texnik tajriba almashish va loyiha to‘liq ishga tushguniga qadar hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Mazkur loyiha “O‘zmetkombinat”ning metall temir (Fe) miqdori kamida 83 foiz bo‘lgan PVJ mahsulotiga bo‘lgan yillik ehtiyojini ishonchli manba orqali ta’minlab, korxonaning xomashyo xavfsizligi va kelgusi rivojlanishiga mustahkam zamin yaratadi.