Bekor qilish


Shrift(

1

x

)
Masshtab(100%)
A
A
A

Saytda ovoz jo`rligi(suhandon tekstni o`qib berishi) funksiyasi mavjud. Buning uchun kerakli tekstni belgilaysiz, paydo bo`lgan oynadan bosqichni tanlaysiz. Agar to`xtatmoqchi bo`lsangiz bosqichni tanlaysiz

Bosh sahifa / Axborot xizmati / Yangiliklar / Rahbariyatning chiqish va bayonotlari

“O‘ZMETKOMINAT” AJ BOSHQARUV RAISI – BOSH DIREKTORI ABDULLAYEV BAHODIR TOJIMIRZAEVICHNING “YANGI YIL” BAYRAMI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

31.12.2025 31.12.2025 172

Aziz metallurglar, hamkasblar, ishlab chiqarish faxriylari, hurmatli hamkorlar!

O‘tayotgan yilni sarhisob qilar ekanmiz, har biringizga fidokorona mehnatingiz, kasbingizga sadoqatingiz uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Sizning samarali mehnatingiz va kasbiy mahoratingiz tufayli “O‘zmetkombinat” AJ metallurgiya sanoatining yetakchisi sifatida dadil oldinga qadam tashlab, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

2025-yil biz uchun o‘sish va o‘zgartirishlar yili bo‘ldi. Biz ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, resurslarni tejaydigan, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan strategik vazifalarni amalga oshirishda ishonchli qadamlar tashladik. Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli biz mehnat samaradorligini oshira oldik va kombinatning ichki va xalqaro bozorlardagi o‘rnini mustahkamladik.

Jumladan, uzluksiz ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida Rossiya, Qozog‘iston, Eron va boshqa davlatlarning kompaniyalari bilan metallurgik xomashyo yetkazib kelish bo‘yicha ishonchli hamkorliklarni olib bordik hamda metallurgik xomashyoga bo‘lgan tanqislikni bartaraf etishga erishmoqdamiz.

Shu bilan birga, kombinatimizda amalga oshirilgan “Quyuv-prokat majmuasini qurish”dek muhim investitsiya loyihasini ishga tushirdik. Buning natijasida respublikamizda talab yuqori bo‘lgan issiq holda prokatlangan po‘lat list o‘ramlarini yiliga 1,0 mln tonnadan oshiq ishlab chiqarilishini va kombinatning ishlab chiqarish quvvatini ikki barobarga oshirishga erishiladi. Uning muvaffaqiyatli yakunlanishi jahon bozoridagi o‘rnimizni yanada mustahkamlash va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, hududning barqaror rivojlanishini ta’minlash imkonini berdi.

Hozirgi kunda, kombinatimizda ishlab chiqarilayotgan prokat va boshqa mahsulotlarimizni mahalliy va jahon bozorlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Shuningdek, kombinat tomonidan import qilib olinayotgan asbob-uskunalar, mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish jarayonlari va kooperatsiya aloqalari jadallashtirildi.

Kombinat faoliyatini ochiqligini ta’minlash, xarid jarayonlarini shaffof o‘tkazish, korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi va korxona mablag‘larini talon-taroj qilish holatlarini oldini olish bo‘yicha yangi tizim yaratilib, nazorat tadbirlari kuchaytirilmoqda. Qolaversa, Kombinatning barcha hodimlari o‘zlariga ma’lum bo‘lgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Boshqaruv raisiga to‘g‘ridan- to‘g‘ri xabar berish imkoniyatlari yaratildi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qildik hamda bu borada yangi 2026-yilda yanada bu sohadagi ishlarni olib borish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Biz zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni faol joriy etmoqdamiz, ishlab chiqarishni yanada barqaror qiladigan, ekologik toza, samarali investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqdamiz. Bu tashabbuslar atrof-muhitni asrash, kelajak avlodlar uchun hayot sifatini yaxshilashga qo‘shilayotgan muhim hissadir.

Ishlab chiqarish faxriylarimizga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Hurmatli faxriylar, sizlarning tajriba, bilimlaringiz va an’analaringiz barcha yutuqlarimiz poydevoridir. Ko‘p yillik mehnatingiz yosh mutaxassislarga ibrat va ilhom manbai bo‘lmoqda.

Ishonchli hamkorlarimizga ham rahmat aytmoqchiman. Sizning hamkorligingiz, qo‘llab-quvvatlashingiz va ishonchingiz muvaffaqiyatimizning muhim omillaridan biridir. Biz hamkorlikda qiyinchiliklarni yengib, yuqori natijalarga erishamiz.

Hurmatli metallurglar, hamkasblar!

O‘tayotgan yil shuni ko‘rsatdiki, biz qiyin sinovlarga qaramay hamjihat va ahil jamoa bo‘lib qolamiz. Yangi yil biz uchun yangi marralar va imkoniyatlarni ochadi. Ishonchim komilki, biz har qanday qiyinchiliklarni birgalikda yengamiz va O‘zbekiston metallurgiya kombinatining shonli tarixini yozishda davom etamiz.

Sizlarni Yangi yil bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman. Kirib kelayotgan 2026-yil ko‘tarinki kayfiyat, yorqin yutuqlar va yangi g‘alabalar olib kelsin!

 

     “O‘zmetkombinat” AJ

Boshqaruvi raisi – Bosh direktori                           B. Abdullayev

 

4.86

(7 ovoz)