Bekor qilish


Shrift(

1

x

)
Masshtab(100%)
A
A
A

Saytda ovoz jo`rligi(suhandon tekstni o`qib berishi) funksiyasi mavjud. Buning uchun kerakli tekstni belgilaysiz, paydo bo`lgan oynadan bosqichni tanlaysiz. Agar to`xtatmoqchi bo`lsangiz bosqichni tanlaysiz

Bosh sahifa / Axborot xizmati / Yangiliklar / Kundalik yangiliklar

“O‘zmetkombinat” bir yildan buyon “Tub burilish” davrini boshdan kechirmoqda: dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

12.08.2026 12.08.2026 27

     

So‘nggi bir yil “O‘zmetkombinat” AJ tarixida katta o‘zgarishlar, yangi tashabbuslar va strategik qarorlar davri bo‘lmoqda. Kombinatda boshlangan “Tub burilish” jarayonlari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahsulotlar turini kengaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish hamda xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirishga qaratilgan.
 

Bugun ushbu o‘zgarishlarning amaliy natijasi sifatida kombinat dunyoning yetakchi metallurgiya, muhandislik va texnologik kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib bormoqda, istiqbolli loyihalar va uzoq muddatli strategik hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirmoqda.


 

Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida “O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruv raisi Bahodir Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Shougang Jingtang kompaniyasining yirik metallurgiya majmuasida bo‘lib, kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.


 

Shougang — Xitoy va jahon metallurgiya sanoatining yirik vakillaridan biri. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya yiliga qariyb 35 million tonna po‘lat ishlab chiqaradi, tizimda 80 mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Shougang Jingtangning zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi esa qariyb 3 ming gektar hududda joylashgan.


 

Korxonaning muhim ustunliklaridan biri — yuqori darajadagi energetik mustaqillikdir. Ishlab chiqarish uchun zarur energiyaning qariyb 90 foizi korxonaning o‘zida ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, kompaniya ishlab chiqarishni raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini sanoat jarayonlariga integratsiya qilish bo‘yicha ham ilg‘or tajribaga ega. 2 900 nafarga yaqin yuqori malakali mutaxassis zamonaviy texnologik va muhandislik loyihalarini amalga oshirishga jalb etilgan.


 

Tashrif davomida delegatsiya Shougang Jingtangning eng ilg‘or texnologik yechimlaridan biri — MCCR uzluksiz quyish va prokatlash liniyasi faoliyati bilan ham tanishdi.


 

288 metrli mazkur liniyada suyuq po‘latdan tayyor rulongacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish jarayoni atigi 25 daqiqada amalga oshiriladi. Bu an’anaviy uzluksiz issiq prokatlash texnologiyasiga nisbatan qariyb 3 soat vaqtni tejash imkonini beradi. Liniyada qalinligi 0,8 millimetrgacha bo‘lgan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqariladi.



Muzokaralarda tomonlar zamonaviy list mahsulotlari ishlab chiqarish, mahsulotlarga yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish, energiya samaradorligini oshirish hamda zamonaviy kadrlarni tayyorlash yo‘nalishlarida tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Shuningdek, Shougangning avtomatlashtirish, sun’iy intellekt, zamonaviy muhandislik yechimlari va yuqori samarali ishlab chiqarishni boshqarish bo‘yicha tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi uchrashuvlar “O‘zmetkombinat”da kechayotgan “Tub burilish” jarayonlarining xalqaro miqyosdagi mantiqiy davomi hisoblanadi. Maqsad — jahonning eng ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirish, ularni mahalliy sharoitga moslashtirish va “O‘zmetkombinat”ni zamonaviy, texnologik hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yangi avlod metallurgiya korxonasiga aylantirish.

“Tub burilish” davom etmoqda — “O‘zmetkombinat” jahon metallurgiyasining ilg‘or tajribasi va global hamkorlik sari dadil qadam tashlamoqda.

 

0

(0 ovoz)