Bekor qilish


Shrift(

1

x

)
Masshtab(100%)
A
A
A

Saytda ovoz jo`rligi(suhandon tekstni o`qib berishi) funksiyasi mavjud. Buning uchun kerakli tekstni belgilaysiz, paydo bo`lgan oynadan bosqichni tanlaysiz. Agar to`xtatmoqchi bo`lsangiz bosqichni tanlaysiz

Bosh sahifa / Axborot xizmati / Yangiliklar / Kundalik yangiliklar

IQTISODIYOT UCHUN XAVFLI JINOYAT.

06.02.2025 06.02.2025 165

   Shu bilan birga iqtisodiyotda yangi ko‘rinishdagi qonun buzilishlari bo‘layotganligini ham afsus bilan ta’kidlab o‘tamiz. Jumladan tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlarni yashirish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, xufyona tarzda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda boshqa turdagi huquqbuzarliklarni misol qilish mumkin.

   Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyati hozirgi paytda jahon hamjamiyatini xavotirga solayotgan muhim masalalardan biriga aylanmoqda. Bu jinoyat bevosita poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, korrupsiya, ta’magirlik, odamlarni garovga olish, moliyaviy firibgarlik, terrorizm va boshqa jinoyatlarning sodir etilishi bilan bog‘liqdir. Pullarni legallashtirish – bu shunday jarayonki, uning vositasida daromadlarning mavjudligi, g‘ayriqonuniy kelib chiqishi yoki ulardan g‘ayriqonuniy foydalanish yashiriladi va so‘ngra bu daromadlar qonuniy kelib chiqishga egadek tuyulishi uchun niqoblanadi.

   Jismoniy va yuridik shaxslarning oshkora daromad manbai bo‘lmasada, ular o‘z real daromadlaridan bir necha bor yuqori bo‘lgan ko‘chmas mulk sotib olishi va boshqa xaridlarni amalga oshirishi – buning barchasi legallashtirish belgilaridir.

  Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashuvchi davlat organlarining ma’lumotlariga ko‘ra bugungi kunda mazkur jinoyat moliyaviy operatsiyalar, oldi-sotdi bitimi, ishbilarmonlik faoliyati, soxta firma va korxona ochish kabi usullar bilan amalga oshirilmoqda. Ular – daromad olish maqsadida davlat idoralari mansabdor shaxslarining savdo-sotiq faoliyatida qatnashishi, davlat xizmatchilari tomonidan savdo-sotiq tizimidagi asosan yaqin qarindoshlari nomiga rasmiylashtirilgan soxta firmalardan foydalanish, to‘g‘ridan to‘g‘ri shaxsiy manfaatini ko‘zlagan holda chet tashkilot, firmalar va boshqalarga mablag‘ o‘tkazishda ulardan ta’magirlik qilish, o‘zi yoki guruh manfaati uchun normativ hujjatlarni qabul qilishda yoki boshqa tashkilotlarga pul o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatish kabi xususiyatlarga ega.

   O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 243-moddasiga asosan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, ya’ni mulk (pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk) jinoiy faoliyat natijasida topilgan bo‘lsa, uni o‘tkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yo‘li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, xuddi shuningdek, bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko‘chirish usulini, pul mablag‘lariga yoki boshqa mol-mulkka bo‘lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoxud sir saqlash jinoyat sifatida e’tirof etiladi. U O‘zbekiston Respublikasi JKning “Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar” qatoriga kiritilgan.

   Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021-yil 29-iyun kuni “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunni amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori qabul qilingan. Unga asosan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan shubhali deb topilgan operatsiyalar haqidagi xabarlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etiladi.

   Bu ijtimoiy salbiy illatni bartaraf etmasak, uning oqibatlari juda xunuk bo‘lishi mumkin. Chunki, xufyona iqtisodiyot hissasining ortib borishi jamiyatda ijtimoiy qarama-qarshiliklarning kuchayishiga olib keladi.

  Noqonuniy yo‘llar bilan to‘plangan pul va mol-mulkni legallashtirish natijasida jinoiy tashkilotlar o‘zlarining kelajakdagi faoliyatlarini moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ularning ayrim moliyaviy muassasalardan nazoratsiz foydalanishi moliyaviy tizimga katta zarar yetkazadi. Bunday zarar, ayniqsa, iqtisodiyoti rivojlanayotgan davlatlar uchun xavfli. Shuning uchun ham bu jinoyatga qarshi nafaqat huquq-tartibot idoralari, balki barchamiz birgalikda kurashishimiz kerak. 
 

Rustam ATAYEV, 
Korporativ xavfsizlik va resurslarni himoya qilish departamenti direktori.

 

5.00

(1 ovoz)